O‘zbekiston qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etadi
2024-yil 2-13-dekabr kunlari Ar-Riyodda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 16-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Anjuman asosiy e’tiborni yerlarni barqaror boshqarish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashga qaratadi.
Anjuman oldidan O‘zbekistonda ushbu konvensiyani amalga oshirishni ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi o‘tkazilgani muhim voqea bo‘ldi. Unda yerlarni boshqarishni yaxshilash, qishloq xo‘jaligida ayollarni qo‘llab-quvvatlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga qaratilgan strategik maqsadlar muhokama qilindi. Saudiya Arabistonidagi anjuman “Bizning zamin. Bizning kelajagimiz” shiori ostida o‘tadi va unda 197 tomon vakillari ishtirok etadi.
Anjumanda degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, qurg‘oqchilikka chidamlilikni kuchaytirish va yer boshqaruvi sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda. Sammitda davlat rahbarlari va jahon yetakchilari so‘zga chiqib, cho‘llanish va yer degradatsiyasi muammolarini qanday hal qilish haqida fikr almashadi. Shuningdek, ekologiya nuqtayi nazaridan yoshlar va gender tenglik masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Hozirgi kunda dunyo yerlarining qariyb 40 foizi degradatsiyaga uchragan, bu 3,2 milliard kishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. 2000-yildan buyon qurg‘oqchilikning ko‘payishi kelajak avlodlar uchun xavf tug‘dirmoqda. Agar vaziyat o‘zgarmasa, 2030-yilga kelib 1,5 milliard gektar yerni qayta tiklashga to‘g‘ri keladi.
Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun