YeI O‘zbekistonga Orol dengizi atrofidagi yerlarni tiklashda ko‘maklashadi
3 февраль

YeI O‘zbekistonga Orol dengizi atrofidagi yerlarni tiklashda ko‘maklashadi

Yevropa Ittifoqi 2025-yilda O‘zbekistonda Orol dengizining quyi havzasidagi yemirilgan yerlarni qayta tiklashga qaratilgan keng qamrovli ekologik loyihani yo‘lga qo‘yadi. Ushbu tashabbus suv resurslari, energetika va iqlim o‘zgarishi masalalarini qamrab olgan “Yashil Markaziy Osiyo” dasturining tarkibiy qismi bo‘ladi.

Ekologik halokat oqibatida eng ko‘p zarar ko‘rgan Qoraqalpog‘istonga alohida e’tibor qaratiladi. Loyiha doirasida himoya o‘rmon yo‘laklarini barpo etish, mevali daraxtlar va em-xashak ekinlari, jumladan, shirinmiya va na’matak ekish, shuningdek, agroо’rmonchilikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, O‘rmon xo‘jaligi agentligi mutaxassislari va mahalliy fermerlarni yerdan samarali foydalanishni rejalashtirish bo‘yicha o‘qitish tashkil etiladi.

Dasturni amalga oshirish uchun Yevropa Ittifoqi 8,8 million yevro miqdorida grant ajratadi, qo‘shimcha 30 million yevroni Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) va Yevropa investitsiya banki (EIB) taqdim etadi.

Bir paytlar 68 ming kvadrat kilometr maydonni egallagan Orol dengizi 1960-yillardan boshlab sug‘orish uchun katta miqdorda suv olish tufayli tez qurib bordi. 2010-yillarga kelib, suv havzasi deyarli butunlay yo‘qolib, o‘rnida sho‘rlangan yerlar va tez-tez takrorlanadigan chang bo‘ronlari qoldi.