O‘zbekistonda ekologiya va gigiyena bo‘yicha yangi dastur muhokama etiladi
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi Prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Hujjat mamlakatda sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
2025-yil 1-maydan boshlab “Toza qo‘llar” dasturi ishga tushiriladi. Ushbu dastur doirasida sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarini barcha zarur vositalar bilan jihozlangan qo‘l yuvish joylari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sanitariya xonalarining texnik holati yaxshilanadi, yangi binolarda esa ularni joylashtirish majburiy bo‘ladi.
Dastur jamoat joylarini ham qamrab oladi. Umumiy ovqatlanish tashkilotlari va barcha turdagi sanitariya xonalari gigiyena vositalari bilan ta’minlanishi shart. Tadbirlarni amalga oshirish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilda byudjet taqsimlovchilarining hisob-kitoblariga asoslanib qo‘shimcha mablag‘lar ajratadi.
Ushbu tashabbuslar ijrosini nazorat qilish Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi zimmasiga yuklatiladi. Idora muassasalarning sanitariya holatini moliyalashtirish bo‘yicha me’yorlarni qayta ko‘rib chiqadi va ularga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytiradi.