
Ekologlar va fuqarolik jamiyati vakillari qo‘shma tashabbuslarni muhokama qildilar
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot Prezidentning 2024-yil 26-avgustdagi PF-124-sonli Farmonini amalga oshirish doirasida bo‘lib o‘tdi. Ushbu Farmon nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini rivojlantirish, ijtimoiy dasturlar samaradorligini oshirish va shaffof raqobat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan.
Tadbirda vazirlik mutaxassislari, shuningdek, “O‘zbekiston ekologik harakati”, “Mehr va Oqibat”, “Ekolog”, “Ekoland”, “Ekomaktab”, “Indigo”, “Jonli tabiat”, “Logos”, “Suvchi” va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar. Ishtirokchilarga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, hamda fuqarolik jamiyati ishtirokida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar natijalari haqida ma’lumot berildi.
Asosiy ekologik masalalar, jumladan ko‘ngillilar harakatini rivojlantirish, havo sifatini yaxshilash, suv resurslari ifloslanishining oldini olish, chiqindilarni utilizatsiya qilishda innovatsion texnologiyalarni joriy etish va ekologik ta’lim dasturlarini kengaytirish muhokama qilindi. Nodavlat notijorat tashkilotlarini grant orqali qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, ularning ekologik vaziyatni kuzatishdagi o‘rni va davlat tuzilmalari bilan hamkorligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.