O‘zbekiston Ekologiya vazirligi laboratoriyasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi
O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi qoshidagi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazining sinov laboratoriyasi xalqaro standartga muvofiq akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Tekshiruv jarayonida laboratoriyaning zarur sharoitlar bilan ta’minlanganligi va uning xodimlari tahlil o‘tkazish uchun yetarli malakaga ega ekanligi tasdiqlandi. Natijada laboratoriyaning akkreditatsiya qilish doirasi kengayib, tahlil qilinayotgan ko‘rsatkichlar soni 142 tadan 217 tagacha oshirildi.
Sinov va kalibrlash laboratoriyalarining kompetentligiga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi ISO/IEC 17025:2017 standartiga muvofiqligi O‘ZAK.SL.0178 raqamli akkreditatsiya attestatini berish orqali tasdiqlandi. Bunday e’tirof laboratoriya ishiga bo‘lgan ishonchni oshiradi va uning imkoniyatlarini keng ko‘lamli ekologik masalalarni hal etishda qo‘llash imkonini beradi.