Bokuda TDT mamlakatlarining ekologiya vazirlari ilk bor uchrashdi
Bokuda o‘tkazilayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 29-konferensiyasi (COP29) doirasida O‘zbekiston Milliy pavilyonida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) a’zo mamlakatlarining ekologiya vazirlari ilk marotaba uchrashdilar.
Tadbirda TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, COP29 raisi va Ozarbayjon ekologiya vaziri Muxtor Babayev, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston ekologiya vazirlari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov ushbu uchrashuv iqlim masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berganini ta’kidladi. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev TDTning Shushadagi sammitida so‘zlagan nutqida qarorgohi Nukusda joylashadigan Turkiy ekologiya kengashini tashkil etishni taklif qilganini eslatdi. Uning aytishicha, mazkur kengash ekologik muammolarni, xususan, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarni birgalikda hal qilishga ko‘maklashishi mumkin. O‘zbekiston Prezidenti kengashning birinchi yig‘ilishini kelgusi yilda o‘tkazishga tayyorligini ham tasdiqladi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi TDTga a’zo mamlakatlarning ekologiya sohasidagi hamkorligini mustahkamlash va xalqaro iqlim muzokaralarida qo‘shma harakatlarni muhokama qilishdan iborat edi. TDT Bosh kotibi Omuraliyev yaqinda qabul qilingan, turkiy davlatlarning ekologik masalalar va iqlim muammolariga yondashuvini birlashtiruvchi “Turkiy yashil qarash” konsepsiyasining muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, Bishkek sammitida ushbu strategik hujjatning qabul qilinishi COP29 va undan tashqarida “yashil” kun tartibini ilgari surish uchun turkiy davlatlarning birdamligi va birgalikda harakat qilishga tayyorligini namoyon etadi.