
O‘zbekiston CITES COP20 logotipini taqdim etdi
Jenevada CITES Doimiy qo‘mitasining 78-yig‘ilishida Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi Konvensiyaning 20-Tomonlar konferensiyasi (COP20) rasmiy logotipi taqdim etildi. Yig‘ilish 2025-yilning 24-noyabridan 5-dekabrigacha Samarqandda o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan logotip mamlakatning tabiiy va madaniy merosi ramzlarini o‘zida mujassam etgan. Unda CITES II Ilovasiga kiritilgan arxar — tog‘ qo‘chqori tasvirlangan qadimiy petroglif, Semenov rodioli dorivor o‘simligi va Samarqandning me’moriy yodgorliklari aks ettirilgan. Arxar noyob turlarni muhofaza qilish zarurligini anglatsa, gullar o‘simliklarning ekotizimlar va inson salomatligi uchun ahamiyatini ta’kidlaydi, qadimiy shahar silueti esa tarix, madaniyat va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ifodalaydi.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov yig‘ilishda so‘zga chiqib, logotip O‘zbekistonning biologik xilma-xillikni himoya qilishga sodiqligini aks ettirishi va yovvoyi tabiatni saqlash sohasidagi xalqaro hamkorlikning ramziga aylanishini ta’kidladi. U COP20 global ekologik muammolarni muhokama qilish va ularni hal etishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish uchun muhim maydon bo‘lishini qayd etdi.
CITES bosh kotibi Ivonne Iguero O‘zbekistonni muvaffaqiyatli taqdimot bilan tabriklab, emblema CITESning 50 yillik merosi ruhini aks ettirishi va konstruktiv muloqot uchun qulay muhit yaratishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda CITES konferensiyasini qabul qilayotgan birinchi davlat bo‘ldi. COP20da 185 ta tomon (184 ta mamlakat va Yevropa Ittifoqi) delegatlari, shuningdek, butun dunyodan 4000 dan ortiq ishtirokchi, jumladan ekspertlar va ekologlar qatnashishi kutilmoqda.