O‘zbekiston METHlarida yovvoyi hayvonlarga yordam berilmoqda
O‘zbekistonda barcha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda (METH) qish mavsumida yovvoyi hayvonlarga yordam beradigan biotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Zarafshon milliy tabiat bog‘i, “Oqtov-Tomdi,” “Sudoche-Aqpetki,” “Barsakelmas” qo‘riqxonalari, Zomin va Surxon qo‘riqxonalari, Quyi Amudaryo biosfera rezervati, “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i va boshqalar shular jumlasidandir.
Ushbu METH xodimlari qor bosgan, borish qiyin bo‘lgan joylarga tuz, dag‘al pichan va kepak kabi hayvonlar uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib beradi. Bunday chora-tadbirlar hayvonlarga og‘ir sharoitlarda ozuqa tanqisligini yengishga yordam beradi.
Bunday tadbirlar har qishda doimiy ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Ular yovvoyi hayvonlar populyatsiyasini saqlab qolishda muhim rol o‘ynaydi, ularga sovuqni osonroq boshdan kechirish va ozuqa topishda yordam beradi.