Ekologiya vazirligi tabiatni muhofaza qilish uchun xizmat itlarini tayyorlash bo‘yicha seminar o‘tkazdi
Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida yovvoyi tabiatga qarshi jinoyatlarga qarshi kurashish uchun xizmat itlarini tayyorlashga bag‘ishlangan Markaziy Osiyo seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar bojxona xizmati kinologlari uchun tashkil etilgan bo‘lib, “Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiatga qarshi jinoyatlarga qarshi kurashda salohiyatni mustahkamlash va ko‘maklashish” xalqaro loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda.
Loyiha “Fauna & Flora International” tashkiloti, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Yovvoyi hayvonlar savdosini monitoring qilish global tarmog‘i TRAFFIC, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti, shuningdek, Qozog‘iston bioxilma-xillikni saqlash assotsiatsiyasi va boshqa tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Tashabbus hayvonlarni turli transport vositalarida noqonuniy olib kirish va olib chiqishning oldini olishga qaratilgan. Ekologiya vazirligi Biologik xilma-xillik siyosati bo‘limi rahbari Abdurashid Sodiqovning aytishicha, seminar ishtirokchilari xizmat itlarini o‘rgatishning ahamiyati, ularning yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashdagi samaradorligi haqida fikr yuritib, markazning o‘quv materiallari bilan tanishishgan.
Tadbir davomida markazning xizmat itlarini o‘qitish uchun SITES ro‘yxatiga kiritilgan umurtqali hayvonlar, jumladan, sudralib yuruvchilar, qushlar va sutemizuvchilarning hidli namunalari to‘plami topshirildi.
Bunday loyiha mintaqa uchun noyobdir. U nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki har bir mamlakat ichidagi turli idoralarning bojxona va tabiatni muhofaza qilish xizmatlari imkoniyatlarini, shuningdek, ekologik tashkilotlar tajribasini birlashtirgan hamkorlikning birinchi shakliga aylandi.