Samarqand birinchi Jahon iqlim forumiga mezbonlik qiladi
23 март

Samarqand birinchi Jahon iqlim forumiga mezbonlik qiladi

4—5-aprel kunlari Samarqand shahrida birinchi Jahon iqlim forumi bo‘lib o‘tadi. Unda global iqlim muammolari bo‘yicha fikr almashish uchun dunyo yetakchilari, siyosatchilar, ekspertlar va faollar yig‘iladi.

Forum “Markaziy Osiyo global iqlim chaqiriqlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida konsolidatsiya” mavzusiga bag‘ishlanadi. Tadbir ekologik barqarorlik, yashil iqtisodiy rivojlanish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha yechimlarni izlashga qaratilgan, deb yozadi Saudiya Arabistonining Sahm News gazetasi.

Forum dasturidan ekspert muhokamalari, yalpi majlislar va strategik muloqotlar o‘rin olgan. Asosiy yo‘nalishlar qayta tiklanuvchi energetika, suv resurslarini boshqarish, biologik xilma-xillikni saqlash hamda barqaror shahar rivojlanishi masalalarini o‘z ichiga oladi.

Tadbir doirasida Aral fojiasiga alohida e’tibor qaratiladi. Ishtirokchilar yerlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurash va iqlim o‘zgarishining mintaqaviy oqibatlarini yumshatish chora-tadbirlarini muhokama qiladilar.

Forumda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va hukumat vakillari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliyaviy institutlar va ekologik tashkilotlar delegatsiyalari qatnashishi kutilmoqda.

Forumning asosiy natijalaridan biri mintaqaviy yashil rivojlanish konsepsiyasining taqdimoti bo‘lishi rejalashtirilgan. Ushbu hujjat Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqlim o‘zgarishiga oid umumiy qarashlarini shakllantirish va barqaror rivojlanish sari qo‘shma harakatlar uchun asos yaratishga xizmat qiladi.