Quyi Amudaryo qo‘riqxonasining fotoqopqoniga qamish mushugi ilinib qoldi
Ekologiya vazirligi boshqaruvidagi Quyi Amudaryo biosfera qo‘riqxonasi hududida noyob hodisa qayd etildi: fotoqopqon qamish mushugini tasvirga tushirdi.
Xaus nomi bilan ham tanilgan bu yirtqich mushuksimonlar oilasiga mansub bo‘lib, tashqi ko‘rinishidan silovsinni eslatadi. U oddiy uy mushugidan ancha yirik: tanasining uzunligi 94 santimetrga, dumi esa 30 santimetrga yetishi mumkin. Bunday hayvonning vazni 8 dan 12 kilogrammgacha bo‘ladi. Qamish mushuklari asosan qushlar, kemiruvchilar va quyonlar bilan oziqlanadi, Markaziy Osiyo daryolari, jumladan Amudaryo bo‘yidagi qamishzorlar va to‘qaylarda yashaydi.
Quyi Amudaryo qo‘riqxonasi 2011-yilda Qoraqalpog‘istonning Beruniy va Amudaryo tumanlari hududida tashkil etilgan. Unda 36 turdagi hayvonlar, shu jumladan, Buxoro bug‘usi, bo‘ri va aynan shu qamish mushugi kabi noyob fauna vakillari istiqomat qiladi. Qo‘riqxonaning har bir qismida o‘ntaga yaqin shunday mushuklar uchraydi.
Bunday kuzatuvlar biosfera qo‘riqxonasining noyob turlarni asrash va ekologik muvozanatni saqlash imkonini beradigan hudud sifatidagi ahamiyatini tasdiqlaydi.