Senat O‘zbekistonning Orxus konvensiyasiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi
6 февраль

Senat O‘zbekistonning Orxus konvensiyasiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida mamlakatning Orxus konvensiyasiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasi o‘tkazildi. Ushbu xalqaro hujjat fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqini himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, ekologik masalalar bo‘yicha axborotdan foydalanish, qarorlar qabul qilishda ishtirok etish va odil sudlovni ta’minlashni nazarda tutadi.

O‘zbekistonning konvensiyaga qo‘shilishi Milliy ekologik strategiyaga mos keladi va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga ko‘maklashadi. Fuqarolar ekologik axborotdan foydalanish, strategiyalar va qonun hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, shuningdek, ekologik huquqlari buzilganda sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladilar.

Bu qadam, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun sharoit yaratadi. Konvensiyani amalga oshirish mamlakatni demokratik taraqqiyot va ekologik xavfsizlik sohasida yangi bosqichga olib chiqadi, uning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlaydi.

Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 14-dekabrda birinchi o‘qishda ma’qullangan edi. Uning ishlab chiqilishi O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilishning uzoq muddatli konsepsiyasini belgilab beruvchi Prezidentning 2019-yil 30-oktyabrdagi 5863-sonli Farmoni va 2023-yil 31-maydagi 171-sonli qaroriga asoslangan.