COP16-da qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurash muhokama qilindi
BMTning Cho‘llanishga qarshi konvensiyasi tomonlarining 16-konferensiyasida (COP16) iqlim o‘zgarishi va yerlarning yemirilishiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Asosiy voqealardan biri BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan tashkil etilgan, qum va chang bo‘ronlariga chidamlilikka bag‘ishlangan qo‘shimcha tadbir bo‘ldi.
Uchrashuvda Misr, Burkina-Faso, Saudiya Arabistoni, Mavritaniya, Avstraliya va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, qum va chang bo‘ronlari bilan bog‘liq xavflarni boshqarishda innovatsion yondashuvlarni taqdim etgan Jahon meteorologiya tashkiloti ekspertlari ham muhokamalarga qo‘shildi.
Chang va qum bo‘ronlari manbalariga qarshi kurashga qaratilgan Samarqand deklaratsiyasi tashabbusiga alohida e’tibor berildi. Hujjatda monitoring va ogohlantirish tizimlari hamda ularning oqibatlarini kamaytirish texnologiyalarini samarali ishlab chiqish muhimligi ta’kidlangan. Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Bahriddin Nishonov bo‘ronlar muammosini milliy strategiyalarga kiritish ularning atrof-muhitga va odamlar sog‘lig‘iga ta’sirini kamaytirishga yordam berishini ta’kidladi.
COP16-da Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Hozirga qadar uni 20 dan ortiq davlat qo‘llab-quvvatlagan, bu esa xalqaro hamjamiyatning birgalikdagi harakatlarga intilishini ko‘rsatmoqda.