Toshkent viloyatida qum-shag‘al aralashmasining noqonuniy qazib olinishi aniqlandi
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari IIBBning vakillari bilan hamkorlikda Quyi Chirchiq tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining qirg‘oqbo‘yi hududlarida reydlar o‘tkazishdi. Tekshiruv paytida maxsus texnika va yuk mashinasidan foydalanib, qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holati qayd etildi.
Qazib olingan materiallar shu tumanda joylashgan "M.G.F." korxonasining tosh maydalash sexi uchun mo‘ljallanganligi aniqlandi. Mutaxassislarning baholashicha, tabiatga yetkazilgan zarar 65 milliard so‘mdan oshib ketgan.
Maxsus texnika vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirildi, to‘plangan materiallar esa huquqiy baholash va keyingi choralarni ko‘rish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborildi.
Shuni ta’kidlash lozimki, 2024 yil 1 maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarini qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi. Ushbu qaror suv havzalari ekotizimini asrash va atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldini olishga qaratilgan.