Aral Wetlands loyihasi Hindiston universiteti bilan hamkorlik o‘rnatdi
29 ноябрь

Aral Wetlands loyihasi Hindiston universiteti bilan hamkorlik o‘rnatdi

Buxoro viloyatidagi Acharya University Uzbekistan universitetida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fondning qo‘shma loyihasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“Aral dengizi havzasining ekotizimlarini saqlash va boshqarish: ko‘llar, suv-botqoq yerlar va qirg‘oqbo‘yi yo‘laklari orqali yer degradatsiyasiga neytral barqaror landshaft yaratish” nomli loyiha quyi Amudaryo va Aral dengizi havzasidagi ekotizimlarni yaxshilash hamda yashash manbalarining barqarorligini oshirishga qaratilgan. Loyihaning asosiy maqsadi yerlarning degradatsiyasini to‘xtatish va tabiiy resurslarni kompleks boshqarish orqali ularni muhofaza qilishdir.

Loyiha mutaxassislari erishilgan natijalarni taqdim etib, tabiiy resurslarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish hamda qo‘riqlanadigan hududlarni boshqarishda axborot texnologiyalaridan foydalanish ahamiyatini muhokama qilishdi. Shuningdek, jamoatchilik xabardorligini oshirish va loyiha hududlarida ishlayotgan ilmiy hamjamiyat bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘tarildi.

Uchrashuv yakunida Acharya University Uzbekistan va Aral Wetlands loyihasi o‘rtasida hamkorlik memorandumiga imzo chekildi. Bu ekologiya va tabiiy resurslarni barqaror boshqarish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.

1990-yilda Hindistonda tashkil etilgan Acharya Group of Institutions o‘nta ta’lim muassasasi va 15 ta tadqiqot markazini o‘z ichiga oladi.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun