BMT O‘zbekistonga iqlim majburiyatlarini ishlab chiqishda ko‘mak beradi
O‘zbekiston Ekologiya vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) mamlakatning yangilangan iqlim majburiyatlarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Tegishli Niyatlar bayonoti Bokudagi COP29 iqlim anjumanida imzolandi.
Hujjatni Ekologiya vaziri o‘rinbosari Obidjon Qudratov va BMTTD ning Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy direktori Ivana Jivkovich tasdiqladi.
Tashabbusning maqsadi O‘zbekistonga Parij bitimi maqsadlarini amalga oshirish uchun milliy hissalar (ONUV 3.0) ni ishlab chiqishda yordam berishdan iborat. Bunda bioxilma-xillik, ijtimoiy adolat va gender tenglik masalalarini mamlakatning iqlim harakati va rejalariga singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyiha, shuningdek, davlat idoralari xodimlarining malakasini oshirish va turli bo‘limlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Bu iqlim strategiyalarini ishlab chiqishda qishloq xo‘jaligi, suv resurslari va energetika o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni hisobga olish imkonini beradi.
Bundan tashqari, iqlim maqsadlarini bioxilma-xillik, ijtimoiy integratsiya va moliyaviy barqarorlik masalalari bilan uyg‘unlashtiradigan, mamlakatning iqlim siyosatini mustahkamlaydiagn va uning milliy ustuvorliklariga muvofiqligini ta’minlaydigan yo‘l xaritasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.