O‘zbekiston Turkiy ekologiya kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga tayyor
Shavkat Mirziyoyev Bishkekda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. U o‘z nutqida tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashning muhim yo‘nalishlarini qayd etdi. Davlat rahbari alohida e’tibor qaratgan asosiy mavzulardan biri ekologiya bo‘ldi.
Mirziyoyev iqlim o‘zgarishi va boshqa o‘tkir ekologik muammolar bilan bog‘liq masalalarni hal qiladigan Turkiy ekologiya kengashini tuzish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish zarurligini ta’kidladi. Bu boradagi hamkorlikni jadallashtirish maqsadida vazirlar darajasidagi kengashning birinchi yig‘ilishini kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.
Prezident, shuningdek, Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevni COP-29 global sammiti o‘tkazilishi bilan tabrikladi va tez orada Bokuda o‘z ishini boshlaydigan ushbu muhim tadbirni tashkil etishda muvaffaqiyatlar tiladi.