Green Universityda “Cheksiz koinot” ko‘rgazmasi ochildi
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi universiteti (Green University)da “Iqlim va energetika” mavzusida panel muhokamasi hamda “Cheksiz koinot” ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) ko‘magida tashkil etildi.
Muhokama davomida iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish va barqaror energetikani rivojlantirish uchun innovatsion yechimlarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar “yashil” kelajakka o‘tish uchun xalqaro hamkorlik va yangi strategiyalarni qo‘llashning muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida fransuz rassomi Kristof Blenning “Cheksiz koinot” ko‘rgazmasining ochilish marosimi o‘tkazildi. Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aureliya Bushez ushbu tashabbus nafaqat madaniy hamkorlikni mustahkamlashini, balki yoshlarni tabiatga mehr-muhabbat ko‘rsatishga ilhomlantirishi haqida fikr bildirdi.
Fransuz va ingliz tillarida komiks janrida taqdim etilgan ko‘rgazma ijobiy baholarga sazovor bo‘ldi. Uning mazmuni atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va tabiat dunyosidan hayratlanish g‘oyasini targ‘ib qilishga qaratilgan.