O‘zbekiston Geologiya va tog‘-kon sanoati vazirligida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining o‘rinbosari A’zam Qodirxo‘jayev hamda “O‘zbek texnologik metallar kombinati” AJ rahbariyati Yevropa Komissiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga xalqaro hamkorlik bo‘yicha maslahatchi Henrik Hololey va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar boshchilik qildi.
Uchrashuv chog‘ida Qodirxo‘jayev so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatli islohotlar haqida so‘z yuritib, qonunchilik me’yorlarining soddalashtirilgani hamda ‘Yer osti boyliklari to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahrirda qabul qilingani haqida ma’lumot berdi. Bu o‘zgarishlar foydali qazilmalar qazib olish imkoniyatini oshirib, xalqaro hamkorlarni jalb qilishda muhim qadam bo‘ldi. Uchrashuvda Yevropa Ittifoqi bilan litiy, mis, grafit, tantal, niobiy va magniy kabi strategik minerallarni qayta ishlash zanjirini yaratish masalalari muhokama qilindi. Ushbu minerallar konlarini o‘rganish ishlari yakunlanib bormoqda, xalqaro standartlarga muvofiq zaxiralarni baholash ishlari olib borilmoqda, sertifikatlangan laboratoriyalarda tadqiqotlar va sinovlar o‘tkazilmoqda.
Yevropa Komissiyasi vakillari va Yevropa Ittifoqi elchisi ushbu sohada O‘zbekiston bilan hamkorlikning strategik ahamiyatini ta’kidlab, kelgusi hamkorlik uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish taklifini qo‘llab-quvvatladilar. Mazkur hujjat doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi.