
Ukraina sanksiyalari O‘zbekiston kompaniyalari va fuqarosiga ta’sir qildi
Yangilangan sanksiyalar ro‘yxatiga jami 67 ta Rossiya va 7 ta xorijiy yuridik shaxs kiritildi. Xorijiy kompaniyalar orasida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan uchta korxona ham bor. Bundan tashqari, bir nafar O‘zbekiston fuqarosi ham sanksiyalar ta’siriga uchradi.
Sanksiyalar ostida qolgan O‘zbekiston kompaniyalaridan biri 2016-yilda Toshkentda ro‘yxatdan o‘tkazilgan "Mercury Renaissance" kompaniyasidir. Uning asosiy faoliyati qurilish texnikasi va uskunalarini ijaraga berish hamda lizing xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat. Kompaniyaning ta’sischilari Rustam Rahimjonovich Mo‘minov (60%) va Shahriyar Saxiyarovich Tojiyev (40%) hisoblanadi.
Ikkinchi kompaniya Jizzax viloyatida joylashgan "Raw Materials Cellulose" kompaniyasidir. Ushbu kompaniyaning ta’sischilari sifatida Larisa Mixaylovna Utkina (76%) va Larisa Rahimjonovna Bikova (24%) ko‘rsatilgan.
Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan uchinchi tashkilot "Farg‘ona kimyo zavodi"dir. Bu korxona ham sellyuloza ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va "Mercury Renaissance" kompaniyasi tarkibiga kiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya fuqaroligiga ega ekanligi ta’kidlanayotgan Rustam Mo‘minov ham shaxsiy sanksiyalarga duchor bo‘ldi.
Sanksiyalar 10 yil muddatga joriy etilgan bo‘lib, ular Ukraina hududidagi aktivlarni muzlatish, litsenziyalarni bekor qilish, savdo operatsiyalarini amalga oshirishni taqiqlash, shuningdek, madaniy va ilmiy hamkorlikni to‘xtatish kabi bir qator cheklovchi choralarni o‘z ichiga oladi.