
Hukumat aholini ish bilan ta’minlash va qashshoqlikka qarshi kurashishni kuchaytirishni talab qilmoqda
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda bir qator tumanlar hokimlariga nisbatan keskin tanqid bildirildi. Birinchi yarim yillikda 2 million 600 ming kishini ish bilan ta’minlash va 722 ming fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Biroq, mablag‘ va imkoniyatlar mavjud bo‘lishiga qaramay, 15 ta tumanda bandlik rejasi to‘liq bajarilmagan. Ular orasida Muborak, Bo‘ston, Vobkent, Marhamat, Farg‘ona, Zangiota, Do‘stlik, Chortoq, Qorao‘zak, Uychi, Xonobod, Yangibozor, Parkent, Arnasoy va Uchko‘prik tumanlari bor.
Ta’kidlanishicha, agar ushbu tumanlar hokimlari uch oy ichida rejani bajarmasa, ularning barchasi lavozimidan ozod etiladi.
Shuningdek, Uchquduq, Angren va Karmana tumanlarida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar sust ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.