
Nurafshon va Angrenda Xitoy ishtirokidagi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda
Toshkent viloyatida xitoylik kompaniyalarni jalb etgan holda bir qator yirik investitsiya loyihalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Nurafshonda mahalliy hokimiyat vakillari Extol Global Capital Pte. Ltd kompaniyasi rahbariyati va Chjetszyan viloyatidan kelgan investorlar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida 106 million dollar miqdoridagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ular orasida 12,5 million dollarlik investitsiya bilan qurilish materiallari klasteri yaratish, kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi qurish, shuningdek, Nurafshon Business City ishbilarmonlik hududida turar-joy majmuasi, mehmonxona va restoran barpo etish loyihalari mavjud. Ushbu loyihalar orqali 2 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Angrenda ham xitoylik investorlar ishlab chiqarish tashabbuslarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shahar hokimi Alisher Raimov Xunan, Anxoy, Shandun va Guandun viloyatlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlar yakunida Anhui Jinpeng Energy Saving Technology, Infy Power va Xintay kompaniyalari bilan memorandumlar imzolandi.
Hamkorlik doirasida Angren erkin iqtisodiy zonasida mebel, deraza va eshiklar, suv filtrlari, quyosh panellari, akkumulyatorlar va avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.