Isroil va Eron mojarosi O‘zbekiston iqtisodiyotiga zarba berishi mumkin — ekspert
17 июнь

Isroil va Eron mojarosi O‘zbekiston iqtisodiyotiga zarba berishi mumkin — ekspert

Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyatning keskinlashuvi allaqachon jahon iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatmoqda va O‘zbekiston ham bundan chetda qolmaydi. Geografik jihatdan uzoq bo‘lishiga qaramay, mamlakat mintaqa bilan savdo va transport yo‘llari orqali chambarchas bog‘langan.

"Ma’no" tadqiqot tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashev Podrobno.uz’ga bergan intervyusida tushuntirishicha, Eron O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkoridir. Uning portlari va quruqlikdagi yo‘laklari tashqi savdo uchun asosiy kanallar hisoblanadi. Eron orqali yuk tashishning to‘xtatilishi iqtisodiyotga jiddiy zarba berishi mumkin.

"Eron portlari bizning eksport va import uchun asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi. Agar ular yopilsa, bu bizning iqtisodiy imkoniyatlarimizga jiddiy zarba bo‘ladi," — deb ta’kidladi ekspert.

Eslatib o‘tamiz, yil boshida O‘zbekiston va Eron yuk mashinalari tranziti uchun nol stavkalarni joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishgan, may oyida esa tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish masalasini muhokama qilgan edi.

Yana bir jiddiy xavf  neft narxining oshishi. Hozirning o‘zidayoq bir barrel narxi 74,5 dollardan oshdi va tahlilchilar Eron Hurmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ysa, narx 120-130 dollargacha ko‘tarilishi mumkinligini istisno etishmayapti. O‘zbekiston uchun importchi sifatida bu yoqilg‘i narxining oshishi va ichki bozorga bosim tushishini anglatadi.

Bundan tashqari, vaziyatning keskinlashuvi O‘zbekiston Hind okeani bozorlariga chiqishni rejalashtirgan "Shimol-Janub" xalqaro transport yo‘lagi loyihasini amalga oshirishga xavf solmoqda.

Eng xavfli ssenariy yadroviy eskalatsiya tahdidlari bilan bog‘liq. Isroil mudofaa vaziri allaqachon Tehronga zarba berish bilan tahdid qilgan. Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, hatto taktik yadro qurolidan foydalanishni ham istisno qilib bo‘lmaydi.

"Bu keskinlashuv O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘diradi: logistika muammolaridan tortib narxlarning oshishi va strategik loyihalarning to‘xtab qolishigacha. Vaziyat nihoyatda beqarorligicha qolmoqda," deya xulosa qildi siyosatshunos.