
Xitoyning "ZTO Express" kompaniyasi O‘zbekistonga "aqlli" logistika omborlari loyihasi bilan kirib kelmoqda
O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Xitoyning eng yirik logistika kompaniyalaridan biri "ZTO Express" prezidenti Xu Syanlyan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma infratuzilmaviy tashabbuslarni amalga oshirish muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
"ZTO Express" vakillari "Alibaba Group," "JD.com" va "Pinduoduo" kabi gigantlarga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya faoliyati bilan tanishtirdi. O‘zbekiston bilan hamkorlik doirasida Xitoy tomoni bir qator loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi, jumladan:
aeroportlar hududida "aqlli" logistika omborlarini qurish va jihozlash;
asbob-uskunalarni yig‘ish va keyinchalik eksport qilish uchun sanoat parklarini tashkil etish;
bojxona rasmiylashtiruviga raqamli yechimlarni joriy etish.
Transport vaziri, o‘z navbatida, xitoylik hamkorlarga Navoiy viloyatida logistika markazlarini tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni, shuningdek, Toshkent davlat transport universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Gap Xitoyning logistika sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rgatishga qaratilgan o‘quv dasturlari va amaliyotlari haqida bordi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma ishchi guruh tuzishga qaror qilindi. Muvofiqlashtirish bilan Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika muammolarini o‘rganish markazi shug‘ullanadi.