
O‘zbekiston Markaziy bankining Kiberxavfsizlik markazi APWGga a’zo bo‘ldi
O‘zbekiston Markaziy banki qoshidagi CERT-CBU kiberxavfsizlik markazi kibertahdidlarga qarshi kurashish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilot APWG (Anti-Phishing Working Group)ga a’zolikka qabul qilindi.
Bu qadam markazga boshqa a’zolar bilan faol tajriba almashish orqali bank va to‘lov tizimlarini himoyalashni takomillashtirish imkonini beradi.
APWGga a’zolik, shuningdek, fishing hujumlari, zararli domenlar va boshqa kibertahdidlar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish imkonini yaratadi, bu esa ularning oldini olish uchun samarali choralar ishlab chiqishga ko‘maklashadi.
2003-yilda tashkil etilgan APWG butun dunyo bo‘ylab 2300 dan ortiq tashkilotni birlashtirgan holda kiberjinoyatlarni tadqiq etish, jamoatchilikni xabardor qilish va bu sohada global axborot almashinuvini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.