O‘zbekistonda suv ta’minoti tarmoqlari infratuzilmasi takomillashtiriladi
17 март

O‘zbekistonda suv ta’minoti tarmoqlari infratuzilmasi takomillashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-mart kuni suv ta’minoti, issiqlik ta’minoti, mahallalarni obodonlashtirish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Yig‘ilishda mamlakatimiz bo‘ylab muhandislik tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalar muhokama etildi.

2024-yilda 1619 kilometr yangi ichimlik suvi tarmoqlari va 521 kilometr oqova suv quvurlari yotqizish rejalashtirilgan. 162 ta infratuzilma obyekti quriladi va modernizatsiya qilinadi. Bu orqali 715 ming aholi birinchi marta toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 135 ming xonadon markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulanadi. Bundan tashqari, 157 ming iste’molchi zamonaviy suv hisoblagichlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Sohani rivojlantirishning asosiy jihatlaridan biri xalqaro investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha olib borilgan ishlar bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining yaqinda Fransiyaga tashrifi doirasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida suv ta’minoti bo‘yicha uchta loyihani amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 340 million yevroni tashkil etadi. Xususan, “Suez” kompaniyasi Denov, Sho‘rchi, Sariosiyo va Qumqo‘rg‘onda ichimlik suvi ta’minoti tizimini boshqarishni o‘z zimmasiga oladi. Bu orqali markazlashgan suv ta’minoti bilan qamrov darajasi 90 foizga yetishi kutilmoqda.

Kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish sanoat, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Hukumat katta miqdorda mablag‘ sarflayotganiga qaramay, bunday loyihalarni amalga oshirish uchun xususiy biznesni jalb qilishga intilmoqda. Masalan, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida mahalliy tadbirkor Olmaliq, Bekobod, Angren va Chirchiq shaharlarida tozalash inshootlari qurmoqda. Yana bir tadbirkor Andijon viloyatining ikki tumanida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini boshqarishni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirdi.