O‘zbekiston Britaniya-Turkiya temir yo‘l forumida ishtirok etdi
Anqarada Britaniya-Turkiya temir yo‘l forumi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriev ishtirok etdi. Tadbir temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va ushbu sohadagi qo‘shma loyihalarga bag‘ishlandi.
O‘z nutqida Choriev O‘zbekistonda temir yo‘l transporti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berdi. U mamlakatda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar joriy etilishi va Toshkentni Samarqand bilan bog‘laydigan alohida yuqori tezlikdagi temir yo‘l qurilishi loyihasi haqida ma’lumot taqdim etdi.
Forum davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiya iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat-xususiy sheriklik loyihalari departamenti rahbari Zeynab Ulas boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasi bilan uchrashdi. Muzokaralarda Turkiyada “Anqara-Izmir” va “Bandirma-Bursa-Enishahar-Usmonli” kabi yuqori tezlikdagi temir yo‘l qurilishi loyihalarini moliyalashtirish tartibi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi “Turkiya pudratchilar uyushmasi” rahbari Erdal Eren va turk qurilish kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda turk tomoniga Toshkent va Samarqand o‘rtasida yuqori tezlikdagi temir yo‘l qurilishi loyihasi taqdim etildi, shuningdek, uyushmaning faoliyati va turk kompaniyalarining qo‘shma loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.