Reytingi yuqori bo‘lgan o‘zbekistonlik fermerlarga imtiyozlar beriladi
18 март

Reytingi yuqori bo‘lgan o‘zbekistonlik fermerlarga imtiyozlar beriladi

O‘zbekistonda reytingi yuqori bo‘lgan fermerlarga bir qator imtiyozlar taqdim etiladi, jumladan, yer solig‘i kamaytiriladi va kredit xatarlarini sug‘urtalash talabi bekor qilinadi. Qo‘llab-quvvatlash choralari prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi.

Birinchidan, kreditlarning qaytarilmaslik xatarini majburiy sug‘urtalash talabi bekor qilinadi.

Ikkinchidan, ular uchun yer solig‘i stavkasi uch barobar pasaytiriladi.

Uchinchidan, Fermerlar kengashiga a’zolik badali ikki barobar kamaytiriladi.

Bundan tashqari, paxta va g‘alladan belgilangan me’yorlardan yuqori hosil olgan fermerlarga o‘z maydonlarining 25 foizigacha qismidan almashlab ekish uchun foydalanishga, ya’ni ushbu yerlarda ozuqa ekinlari, sabzavotlar, dukkakli va boshqa qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini yetishtirishga ruxsat beriladi.

Ilgari umumiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholangan fermerlar reytingi endi alohida mezonlarga bo‘linadi: hosildorlik, ishchilar soni va ishlab chiqarish hajmi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda hokimliklarning zaxira jamg‘armalaridan yer ajratishni soddalashtirish choralari, jumladan, qishloq xo‘jaligi yerlarini auksion orqali bo‘lib-bo‘lib sotishni bekor qilish, sotilmay qolgan lotlar narxini har kuni 10 foizga arzonlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ajratiladigan yerlarning 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lgan qismi ozuqa ekinlarini yetishtirishga mo‘ljallanadi.

Shuningdek, 125 million tup ko‘chat ekish, suv ta’minoti cheklangan mahallalarda geomembrana qoplamali suv havzalari qurish, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyalari tarmog‘ini kengaytirish va infratuzilmani yaxshilash (yo‘llarni ta’mirlash, energiya ta’minoti) rejalashtirilmoqda.