O‘zbekiston Yevropaga meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni kengaytiradi
O‘zbekiston delegatsiyasi “YeI GSP+ umumiy preferensiyalar tizimidan samarali foydalanish” loyihasi doirasida Latviya, Germaniya va Fransiyaga tashrif buyurdi. Safarning maqsadi — o‘zbek meva-sabzavot mahsulotlarini Yevropa bozorlariga ilgari surishdir.
Latviyada ELBI va KGS GRUPA kabi yirik importyorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, shuningdek, ACTS kompaniyasi bilan transport va logistika imkoniyatlari muhokama qilindi. O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Klapeyda porti orqali eksportni kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Germaniyada delegatsiya EDEKA va DEDEBIO International savdo tarmoqlari vakillari bilan uchrashib, ularning o‘zbek mahsulotlarini sotib olishga qiziqish bildirganlarini ma’lum qildi. Berlin meva-sabzavot bozorida Keuthmann, Lykos va Sonnenfrutch importyorlari bilan yangi va quritilgan mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Fransiyada Adla Sp z.o.o. kompaniyasi bilan eksport istiqbollari muhokama qilindi, shuningdek, “Ryunji” eng yirik ulgurji bozori va Saisof hamda Raphael Primeurs SAS importyorlari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Fransiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbek tadbirkorlari Parijda O‘zbekiston savdo uyini ochish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.
Tashrif davomida o‘zbek meva-sabzavot mahsulotlarining yuqori sifati va raqobatbardoshligi alohida ta’kidlandi.