Parlament byudjet mablag‘larining sarflanishini nazoratga oladi
22 апрель

Parlament byudjet mablag‘larining sarflanishini nazoratga oladi

Shavkat Mirziyoyev "Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish uchun belgilangan ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Hujjat bilan 2025-yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bildirilgan topshiriqlarni bajarishga qaratilgan chora-tadbirlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Oliy Majlisga har yili davlat byudjetidan eng ko‘p mablag‘ oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish tavsiya etildi. Shuningdek, vazir va hokim lavozimlariga nomzodlar parlamentga korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq rejalarini taqdim etishlari lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari, parlament kibermakonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, tegishli qonunchilik takliflarini ishlab chiqadi. "Qizil" mahallalardagi jinoyatchilik sabablarini tahlil qilish hamda hududiy prokurorlar va ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuziladi.