O‘zbekistonning zaxira aktivlari 290 mln dollarga kamaydi
2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 41,18 milliard dollarni tashkil etib, dekabr oyida 290,2 million dollarga pasaydi. Bu haqda mamlakat Markaziy banki ma’lumotlari guvohlik bermoqda.
Shu bilan birga, o‘tgan yil davomida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 6,62 milliard dollarga ko‘paydi, bu 19,1 foizlik o‘sishni anglatadi. 2024-yil boshida zaxiralar hajmi 34,56 milliard dollar edi.
Zaxiralarning o‘sishi asosan oltin zaxirasi qiymatining oshishi hisobiga ta’minlandi. Uning qiymati yil davomida 7,4 milliard dollarga ko‘tarilib, 32,04 milliard dollarga yetdi. Oltinning fizik hajmi ham 12,4 tonnaga oshib, 382,5 tonnani (12,3 million troya unsiyasi) tashkil etdi. Bunday o‘sish jahon bozorida oltin narxining qimmatlashishi bilan bog‘liq bo‘lib, unda bir unsiya narxi yil davomida 27 foizga — 2063 dollardan 2624 dollargacha ko‘tarildi.
Valyuta zaxiralari esa, aksincha, 771,8 million dollarga qisqarib, 8,6 milliard dollarni tashkil etdi. Biroq, dekabr oyida valyuta aktivlari 414 million dollarga o‘sdi, shundan 351 millioni xalqaro banklardagi hisobvaraqlarda, 8,14 milliardi esa xorijiy tijorat banklarida joylashgan.
Markaziy bank xorijiy qimmatli qog‘ozlarni sotib olish orqali aktivlarni diversifikatsiya qilishni davom ettirdi. Yil yakuniga ko‘ra, ularning hajmi 101,7 million dollarni tashkil etdi.
Oltin eksporti zaxiralarni ko‘paytirishda muhim omil bo‘ldi. 2024-yilning 11 oyi davomida O‘zbekiston rekord darajadagi 8,15 milliard dollarlik oltin eksport qildi, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 2,3 baravar ko‘pdir. Faqat noyabr oyining o‘zida oltin eksporti hajmi 1,28 milliard dollarni tashkil etdi.