"SNG.Today": O‘zbekistonda "yashil" energetika ulushi oshiriladi
1 февраль

"SNG.Today": O‘zbekistonda "yashil" energetika ulushi oshiriladi

O‘zbekistonda "Atrof-muhitni muhofaza qilish va "yashil" iqtisodiyot yili" davlat dasturi doirasida 2025-yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 16 foizdan 26 foizgacha ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda SNG.Today nashri Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilish materiallariga asoslanib xabar berdi.

So‘nggi uch yil ichida mamlakatda umumiy quvvati 3,5 gigavatt bo‘lgan 16 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi, 35 ta kichik gidroelektr stansiyalari qurildi hamda "yashil" energiya sertifikatlarini berish tizimi joriy etildi. Quyosh panellari o‘rnatilgan uylar soni 60 mingdan oshib ketdi.

Yaqin kelajakda mamlakatda energetika tizimiga 3,5 gigavatt quvvat qo‘shadigan yana 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari, shuningdek, 160 megavatt quvvatga ega bo‘lgan beshta gidroelektr stansiya va 1,8 gigavatt hajmli qo‘shimcha energiya saqlash inshootlari barpo etiladi. Shu bilan birga, "Yashil makon" dasturi doirasida hududlarni keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Prezident 1 gigavatt quvvatga ega qo‘shimcha loyihalarni ishlab chiqish va quyosh panellarini o‘rnatish uchun 2 trillion so‘m miqdorida kredit ajratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu mamlakatda "yashil" iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ladi.