
Janubiy koreyalik ishbilarmonlar Toshkent investitsiya forumida qatnashadi
O‘zbekiston elchisi Alisher Abdusalomov Koreya Kichik va o‘rta biznes federatsiyasi raisi Kim Gi Mun bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida federatsiya raisi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yuz bergan sezilarli o‘zgarishlarni ta’kidlab, qulay investitsiya muhiti va biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar xorijiy investorlar, shu jumladan Janubiy Koreya kompaniyalarining e’tiborini tortayotganini alohida qayd etdi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi, chunki bu o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega. Hududlararo aloqalarni rivojlantirish asosiy yo‘nalish sifatida muhokama qilindi.
Uchrashuvda shuningdek, Janubiy Koreya ishbilarmonlari delegatsiyasining joriy yil iyun oyida O‘zbekistonga tashrif buyurish rejalari ham muhokama etildi. Delegatsiya IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi hamda O‘zbekiston-Janubiy Koreya biznes-forumida ishtirok etishi kutilmoqda.