
Yangi farmatsevtika loyihasi O‘zbekiston va Pokistonni birlashtiradi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning «Getz Pharma» farmatsevtika kompaniyasi rahbari Xolid Mahmud bilan uchrashuvda O‘zbekistonda dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihasini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi.
Xolid Mahmud mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar biznes uchun qulay muhit yaratayotgani va chet el sarmoyalarining kirib kelishini rag‘batlantirishi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri xalqaro standartlarni joriy etish bo‘lib, bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan sertifikatlash va JSST tomonidan akkreditatsiya qilingan laboratoriyalar tashkil etishni o‘z ichiga oladi. Bu O‘zbekiston farmatsevtika sohasining darajasini va investitsion jozibadorligini oshiradi.
Pokiston tomoni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi bilan tajriba almashishga tayyorligini bildirdi. Ushbu rejalar doirasida «Tashkent Pharma Park» klasterida biotexnologik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasini amalga oshirish boshlandi. Korxona 2029-yilga kelib to‘liq quvvat bilan ishlashi kutilmoqda.