O‘zbekistonda "yashil" energetikani rivojlantirish strategiyasi doirasida yangi GES ishga tushirildi
20 июнь

O‘zbekistonda "yashil" energetikani rivojlantirish strategiyasi doirasida yangi GES ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Shahrisabz tumanidagi Hisorak suv ombori yonida qurilgan yangi kichik gidroelektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi. Obyektning ishga tushirilishi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish davlat dasturining bir qismidir.

3,5 megavattli yangi GES yiliga o‘rtacha 17,5 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, qariyb 7 ming 300 ta xonadon ehtiyojini ta’minlaydi.

Umumiy qiymati 1,5 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyati tomonidan to‘liq mahalliylashtirilgan resurslar evaziga amalga oshirildi. Stansiyaning ishlashi yiliga 5 mln kub metrgacha tabiiy gazni tejash imkonini beradi.

Davlatimiz rahbariga gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, yaqin ikki yilda zovur va kanallarga o‘rnatiladigan kinetik turbinalar orqali umumiy quvvati 12 megavatt bo‘lgan 416 ta mikro GES qurish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida umumiy quvvati 49 megavatt bo‘lgan 3 ta GES ishlab turibdi. Yangi loyihalarning amalga oshirilishi ushbu ko‘rsatkichni sezilarli darajada oshirish va gidroenergetika hisobiga viloyat aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini 15 foizgacha qoplash imkonini beradi.

Umuman olganda, respublika bo‘yicha 2025-yilda umumiy quvvati 24,7 megavatt bo‘lgan yana beshta kichik GESni ishga tushirish rejalashtirilgan.