
Transafg‘on temir yo‘li mintaqalarni bog‘laydi
Transafg‘on temir yo‘lini qurish Afg‘oniston Iqtisodiyot vazirligining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Idora vakili Abdulla Rahmon Habibning ma’lum qilishicha, loyiha savdo-sotiqni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy infratuzilmani mustahkamlashda strategik ahamiyatga ega ekan.
“Ushbu loyiha Afg‘onistonni Eron, Pokiston, Xitoy va Turkmaniston bilan bog‘lab, xalqaro savdo uchun yangi imkoniyatlar ochadi,” — deb ta’kidladi Habib.
Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekistonni temir yo‘l orqali bog‘lashga mo‘ljallangan loyihaning qiymati 5 milliard dollarga baholanmoqda.
Iqtisodiy ekspertlarning fikricha, temir yo‘l nafaqat Afg‘oniston iqtisodiyotini o‘zgartiradi, balki Pokiston va O‘zbekistonga ham sezilarli foyda keltiradi. Kobul sanoatchilar uyushmasi rahbari Abdul Jabbor Safi import va eksport xarajatlarini kamaytirish mamlakatlarga jahon bozorlarida yanada mustahkam o‘rin egallash imkonini berishini ta’kidladi.
Mutaxassis Zabihulla Islomiy, Afg‘oniston Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo uchun asosiy tranzit yo‘nalishiga aylanishini, bu esa barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, mintaqa uchun yangi istiqbollarni ochishini qayd etdi.