
O‘zbekistonliklar uchun Janubiy Koreyaga ish vizasi olish soddalashtirildi
Janubiy Koreyaning Ulsan shahri ma’muriyati mamlakat tarixida birinchi bor O‘zbekiston fuqarolari uchun ish vizalarini rasmiylashtirish jarayonini yengillashtiruvchi mexanizmni joriy etmoqda. Shahar hokimligi O‘zbekiston fuqarolariga bir qator imtiyozlar taqdim etadi. Bu imtiyozlar O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘rinbosari Olimjon Abdullayevning Ulsan shahri meri Kim Du Gyom boshchiligidagi Janubiy Koreya delegatsiyasi bilan uchrashuvidan so‘ng amalga oshirildi.
Shunday qilib, uch oylik kasbiy tayyorgarlik va koreys tilini o‘rganish kurslarini tamomlagandan so‘ng, ish vizasini olish va ishga joylashish imkoniyati yaratiladi.
Bu mexanizm pilot loyiha sifatida ilk bor qo‘llanilmoqda. Muvaffaqiyatli bo‘lsa, Janubiy Koreyaning boshqa shaharlari ham Ulsan tajribasidan foydalanishi mumkin.
Bundan tashqari, Janubiy Koreya tomoni O‘zbekiston fuqarolarini oilalari bilan birga (qonuniy maqomga ega bo‘lgan holda) tashkillashtirilgan tarzda ishga joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini Koreya iqtisodiyotining turli sohalarida ishlashga jalb qilish masalalarida hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Muzokaralar davomida kadrlar salohiyatini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Ulsandagi yirik sanoat korxonalariga O‘zbekistondan mehnat resurslarini jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.