Senatda bank tizimi va mehnat munosabatlarini yaxshilaydigan qonunlar muhokama qilindi
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida bank tizimi, mikromoliyaviy faoliyat va mehnat qonunchiligiga oid bir nechta qonun loyihalari dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
‘Banklarda omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonun bilan Omonatlarni kafolatlash agentligi faoliyatini tartibga soluvchi me’yorlar joriy etilmoqda. Uning vazifalari, huquqlari, majburiyatlari, shuningdek, institutsional va moliyaviy sohalardagi mustaqilligi belgilanadi. Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish qoidalari, kompensatsiyalar to‘lash tartibi, hamda omonatchilarning huquqlari aniqlanmoqda.
O‘z navbatida, ‘Mikromoliyaviy faoliyatni takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida‘gi qonun bilan mikromoliyaviy banklarni joriy etishning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Ularning faoliyat turlari, ustav kapitalining eng kam miqdorlari va mikromoliya tashkilotlarini bankka aylantirish hamda aksincha tartibi belgilanmoqda. O‘zgartirishlar, ayniqsa, hududlarda mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksida kechki va sirtqi ta’lim shaklidagi xodimlar uchun o‘quv ta’tillari bilan bog‘liq normalar aniqlashtirilyapti. Homiladorlik yoki farzand borligi sababli ishdan bo‘shatish taqiqlanmoqda. Shuningdek, mehnat munosabatlarida elektron hamkorlikka o‘tish ko‘zda tutilmoqda: davlat organlari yangi xodim to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni mustaqil ravishda, ortiqcha hujjatlarni talab qilmasdan so‘rab oladi.
Senatorlar qabul qilingan qonunlar bank tizimi barqarorligini mustahkamlashga, mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga va fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Bundan tashqari, elektron tizimlarga o‘tish ish bilan ta’minlash jarayonlarini soddalashtiradi va ortiqcha byurokratik talablarni bartaraf etadi.