
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni vaziri bilan investitsion hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Ar-Riyodga tashrifi doirasida Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan uchrashdi. Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan O‘zbekistonda oliy darajada kelishilgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Prezident so‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarda sezilarli darajada mustahkamlanib borayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ta’kidladi. O‘zaro savdo va hamkorlik hajmi ortmoqda, mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni ko‘paymoqda, yil yakuniga ko‘ra saudiyalik kompaniyalardan taxminan 2,5 milliard dollar miqdorida sarmoya jalb etish rejalashtirilmoqda.
“Yashil” energetika, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek suv va issiqlik ta’minoti, qishloq xo‘jaligi hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida loyihalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun tomonlar Toshkentda o‘tkaziladigan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish muhimligini ta’kidladilar.