Jahon banki vakillari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
1 февраль

Jahon banki vakillari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Toshkentda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo infratuzilma loyihalari bo‘yicha mintaqaviy direktori Sharl Korne boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarning asosiy mavzusi hamkorlikni kengaytirish va mamlakatdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘ldi.

Tomonlar yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish va elektr ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiyalash masalalarini muhokama qildilar. Issiqlik ta’minoti sohasini isloh qilish, energiya sarfini optimallashtirish uchun barqaror tizimlar va issiqlik nasoslarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan, muvaffaqiyatli xalqaro tajribalar va ularni O‘zbekistonda qo‘llash istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari Xurshed Mustafoyev, Umid Abidxodjayev, Samandar Sadullayev hamda boshqa tegishli idoralar vakillari ishtirok etdi.