
UNOPS O‘zbekistondan dori-darmon mahsulotlarini xarid qilish imkoniyatini o‘rganmoqda
O‘zbekiston farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi va BMTning Loyihalarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi (UNOPS) vakillari o‘zbek dori-darmon mahsulotlarining xalqaro bozorga chiqish istiqbollarini onlayn uchrashuv davomida muhokama qildilar. Muzokaralar O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi tomonidan uyushtirilgani haqida “Dunyo” axborot agentligi muxbiri xabar bermoqda.
Muhokama davomida UNOPS vakili Kristin Damkyayer O‘zbekistondan dori-darmon mahsulotlarini xarid qilish imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdi. O‘zbekiston tomoni mahalliy farmatsevtika bozorining salohiyati, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish yo‘llari haqida ma’lumot taqdim etdi.
UNOPS — BMTning maxsus agentligi bo‘lib, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, xaridlar va loyihalarni boshqarish sohalarida faoliyat yuritadi. Tashkilot tibbiyot va ta’minot sohasida barqaror yechimlarni ishlab chiqish uchun davlat va xususiy sektorlar bilan hamkorlik qiladi.