
Shavkat Mirziyoyev Umon tashqi ishlar vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni Umon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaidiyni qabul qildi. Mehmon davlat rahbariga Umon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning samimiy salomi va shaxsiy maktubini yetkazdi.
Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikni, ayniqsa savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni o‘sishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan ishbilarmonlik tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Qo‘shma Investitsiya kompaniyasini yangi loyihalar hisobiga kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil aprel oyida yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun muhim maydon bo‘ladigan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes-forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tomonlar parlamentlararo muloqot, madaniy-gumanitar almashinuv va mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuvda mintaqaviy siyosat masalalari, jumladan, joriy yil may oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz mamlakatlari” muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan ham fikr almashildi.