
Prezident yangi shahar qurilishi bilan tanishdi
Navoiy viloyatiga tashrifi davomida Shavkat Mirziyoyev “Yangi Navoiy” yangi shahri qurilishining dastlabki bosqichlari bilan tanishdi. U yerda keksa avlod vakillari va ziyolilar bilan suhbatlashib, loyihaning viloyat va uning aholisi kelajagi uchun mo‘ljallanganini ta’kidladi.
Davlat rahbari O‘zbekiston aholisi 38 million kishiga yaqinlashayotganini aytib, yangi avlod uchun barqaror asos yaratish zarurligini qayd etdi. Shunday shaharlar barpo etilishining asosiy maqsadi yoshlarga o‘z ona yurtlarida qolib, munosib ish va qulay yashash sharoitlariga ega bo‘lish imkonini yaratishdir.
Loyiha uchun Karmana tumanidan 1 100 gektar yer ajratilgan bo‘lib, uning dastlabki 450 gektarida 7 dan 22 qavatgacha bo‘lgan uylar, 4 170 o‘ringa mo‘ljallangan maktablar, 1 620 o‘rinli bolalar bog‘chalari va poliklinika qurilishi rejalashtirilgan. Yangi shaharchada “Yangi O‘zbekiston” bog‘i hamda Navoiy davlat pedagogika instituti kampusi joylashadi.
Navoiy viloyati rivojlangan sanoati bilan mashhur bo‘lsa-da, Prezident xizmat ko‘rsatish sohasining hali to‘liq rivojlanmaganligini aytib o‘tdi. Shu sababli, shaharchada park zonalari, ko‘ngilochar markazlar, do‘konlar va kafelar ham quriladi.
Qurilishni loyiha direksiyasi boshqaradi, yer uchastkalari esa elektron auksion orqali sotuvga qo‘yilib, g‘olib qurilish kompaniyalari bilan shartnomalar tuziladi.