
XVJ O‘zbekistonga moliya tizimini mustahkamlash uchun davlat banklarini sotishni tavsiya qildi
Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga moliyaviy tizim barqarorligini oshirish va resurslardan oqilona foydalanish maqsadida davlat banklarini xususiylashtirishni tezlashtirishni tavsiya qildi.
XVJning fikricha, xususiylashtirish muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun qonunchilik bazasini mustahkamlash, sektorning shaffofligini oshirish va aksiyadorlar huquqlarining himoyasini ta’minlash zarur. Banklarni sotish malakali investorlar ishtirokida raqobatli savdolarda amalga oshirilishi kerak.
Jamg‘arma, shuningdek, muhim banklarni davlat nazorati ostida saqlash rejalaridan voz kechishni tavsiya qiladi, chunki bu moliyaviy xatarlar va byudjet xarajatlarini oshirishi mumkin. Bundan tashqari, XVJ O‘zbekistonga bank nazorati bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etishni va mikrokreditlashning o‘sishi ustidan nazoratni kuchaytirishni maslahat beradi.
Eslatib o‘tamiz, uchta bankni ("Aloqabank," "Asakabank" va "O‘zsanoatqurilishbank") xususiylashtirish jarayonini 2025-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilganiga qaramay, u yana kechiktirilishi mumkin.