O‘zbekistonda 2025-yilgacha bo‘lgan ekologik va infratuzilmaviy rivojlanish dasturi taqdim etildi
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekologik barqarorlikni yaxshilash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan 2025-yilgacha bo‘lgan davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasini e’lon qildi.
Dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biri har yili qo‘shimcha 2,5 milliard kub metr suvni tejashtirish hisoblanadi. Buning uchun 1 ming kilometr kanallarni betonlashtirish, 1,6 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya tizimlarini qayta qurish rejalashtirilgan bo‘lib, bu 390 ming gektar yerda suv ta’minotini yaxshilaydi.
Infratuzilmani modernizatsiya qilish doirasida nasos stansiyalari energiya tejamkor nasoslar, elektr dvigatellar va quyosh panellari bilan jihozlanadi. Magistral kanallarga 955 ta suv hisoblagich o‘rnatiladi.
Shuningdek, dasturda 1,8 ming kilometr uzunlikdagi suv quvurlari va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish hamda qayta qurish, suv ta’minoti korxonalarida suv sifati va suv havzalariga chiqindilar tashlanishini nazorat qilishni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Yashil hududlarni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ko‘kalamzor hududlarda o‘zboshimchalik bilan tuproqni betonlashtirish va qurilish ishlari olib borish uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Yangi ko‘p qavatli uylarda texnik va yomg‘ir suvi bilan sug‘orish tizimlari, shuningdek, yer usti va yer osti avtoturargohlarini qurish majburiy bo‘ladi.
Ishlab chiqarishning ekologik texnologiyalariga o‘tishni rag‘batlantirish maqsadida pishgan g‘isht ishlab chiqarishda yer solig‘i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 10 barobarga oshiriladi. Shu bilan birga, penoblok va gazoblok ishlab chiqaruvchi korxonalarga “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik beriladi.
Boshqa ustuvor yo‘nalishlar qatorida turizm infratuzilmasini rivojlantirish ham bor. Tog‘li hududlar va suv havzalari yaqinida apart-otellar va kapsulali uylar barpo etish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar uchun 500 million dollar investitsiya jalb qilinishi kutilmoqda.