Qozog‘iston O‘zbekistonga Rossiya neftining tranzitini 74 foizga ko‘paytirdi
6 декабрь

Qozog‘iston O‘zbekistonga Rossiya neftining tranzitini 74 foizga ko‘paytirdi

Qozog‘iston Rossiya neftini O‘zbekistonga tashish hajmini sezilarli darajada oshirdi. “QozTransOyl” kompaniyasi ma’lum qilishicha, 2024 yilning yanvar-noyabr oylari mobaynida qo‘shni mamlakatga 225 ming tonna neft yetkazib berilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 74 foizga ko‘p bo‘lib, o‘shanda 129 ming tonnani tashkil etgan edi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston neftini Germaniyaga yetkazib berish ham sezilarli darajada oshdi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 11 oy davomida “O‘zen-Atirau-Samara” magistral neft quvuri va Rossiyaning “Transneft” OAJ neft quvurlari orqali “Adamova zastava” stansiyasiga 1,358 million tonna neft jo‘natildi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning noyabr oyida bunday yetkazib berish hajmi 843 ming tonnani tashkil etgan edi.

Oqtau porti orqali neft tashish ham o‘sish ko‘rsatdi. “Boku-Tbilisi-Jayxon” neft quvuriga 1,342 million tonna Qozog‘iston nefti jo‘natildi, holbuki o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 910 ming tonnaga yetgan edi.