
O‘zbekiston Prezidenti Malayziyaga rasmiy tashrif buyuradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-5 fevral kunlari Bosh vazir Anvar Ibrohimning taklifiga binoan Malayziyaga rasmiy tashrif buyuradi. Tashrif doirasida Kuala-Lumpurda Malayziya hukumati rahbari bilan ikki tomonlama muzokaralar, Malayziyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar, biznes-forumda ishtirok etish va boshqa bir qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Asosiy e’tibor savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, neft-kimyo, elektronika, “yashil” energetika, texnologik hamkorlik va “aqlli” qishloq xo‘jaligi sohalarida O‘zbekiston-Malayziya munosabatlarini rivojlantirishga qaratiladi. Shuningdek, tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalarini muhokama qiladilar.
Sammit yakunida Qo‘shma bayonot va ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
Malayziyaga tashrif arafasida bir qator muhim tadbirlar boshlangan. Yetakchi tahlil markazlari va tadqiqot tashkilotlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, shuningdek, ikki davlatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.