Prezidentga Xorazm viloyatini rivojlantirish bo‘yicha yangi reja taqdim etildi
25 ноябрь

Prezidentga Xorazm viloyatini rivojlantirish bo‘yicha yangi reja taqdim etildi

2025-yilga kelib Xorazmga 1,5 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb etish mo‘ljallangan. Mablag‘lar yangi korxonalar ochish, ish o‘rinlari yaratish va mahalliy aholi turmush darajasini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Asosiy loyihalardan biri Qo‘shko‘pir tumanidagi sanoat hududini 175 gektarga kengaytirish bo‘ladi. Bu elektrotexnika, kimyo, mashinasozlik va farmatsevtika sohalarini rivojlantirishga qaratilgan bir milliard dollarlik sarmoyani o‘zlashtirish imkonini beradi. Yangi korxonalarda ikki mingta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Shovot kanali muhofaza hududini 50 metrdan 25 metrgacha qisqartirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu 30 million dollarlik loyihalarni joylashtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, G‘azovot va Polvon kanallari bo‘ylab umumiy qiymati 50 million dollarlik loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ham o‘zgarishlar kutilmoqda. Qo‘shko‘pir tumanida parrandachilikni, Bog‘ot tumanida esa baliqchilikni rivojlantirish istiqbollari mavjud. Yangiariq tumanida suv ta’minotining yaxshilanishi poliz ekinlari va sholi yetishtirish hamda baliqchilik sohasida 1200 kishini ish bilan ta’minlash imkonini yaratadi.

Ijtimoiy sohada ta’lim muassasalarini qurish va ta’mirlashga alohida e’tibor qaratilgan. Davlat-xususiy sheriklik doirasida 44 ta maktab va bog‘chani ta’mirlash, shuningdek, yangi binolar qurish rejalashtirilgan. Sog‘liqni saqlash sohasida viloyatning bir nechta tumanida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etish mo‘ljallangan.