O‘zbekiston qurilish materiallari ishlab chiqarishi va eksportini oshirdi
3 февраль

O‘zbekiston qurilish materiallari ishlab chiqarishi va eksportini oshirdi

2024-yilda O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 40 trillion so‘mga yetib, rejalashtirilgan ko‘rsatkichlardan 5,4 foiz yuqori bo‘ldi. “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, tarmoqning mamlakat sanoatidagi ulushi 4,8 foizni tashkil etdi.

O‘tgan yili sohaga 2,2 milliard dollar investitsiya kiritildi, shundan 1,4 milliard dollari xorijiy sarmoya va kreditlar hisobiga to‘g‘ri keldi. Qurilish materiallari eksporti 840 million dollargacha o‘sdi va yetkazib berish geografiyasi kengaydi — mahsulotlar Tailand, Belgiya, Isroil, Ispaniya, Fransiya, Xorvatiya, Iroq, Braziliya va boshqa mamlakatlarga yetkazila boshlandi. 2023-yilda xorijiy bozorlarga 10 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar jo‘natildi.

Eksportni yanada rivojlantirish maqsadida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi xorijda savdo uylari va omborxonalarini ochmoqda. Hozirda “O‘zbekiston Savdo uyi” mahalliy qurilish materiallari sotiladigan Ozarbayjon, Afg‘oniston va Tojikistonda faol ish olib bormoqda.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2024-yilning birinchi yarim yilligida mamlakatimizda 3,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, bu rejalashtirilgan hajmning 104,5 foizini tashkil etdi.

Bundan tashqari, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollarlik jamg‘armaga ega faktoring tashkiloti tuziladi, u korxonalarni aylanma mablag‘lar bilan ta’minlaydi. Shuningdek, davlat xalqaro sertifikatlarni olish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 20 ming dollargacha kompensatsiya to‘laydi. Ilmiy-tadqiqot markazlari uchun laboratoriya uskunalarini olib kirish bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi, o‘zbek mahsulotlarini xalqaro savdo maydonchalarida targ‘ib qilish uchun esa 2 million dollar ajratiladi.