O‘zbekiston qurilish materiallari eksportini 1,2 mlrd dollarga yetkazadi
O‘zbekiston 2025-yilda 1,2 milliard dollarlik qurilish materiallarini eksport qilishni maqsad qilgan. Bu haqda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot kotibi Jamshid Shermetov ma’lum qildi.
Joriy yilda mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 50 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda. 18 million tonna sement, 48,2 million kvadrat metr shisha, 52 million kvadrat metr keramik plitka, 95 million kvadrat metr gipsokarton va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qozog‘iston, Latviya, Tojikiston, AQSH, Rossiya va Afg‘onistonda savdo uylari va omborxonalar tashkil etiladi. Bu 20 dan ortiq yirik korxonaga chet elga mahsulot yetkazib berishdan qo‘shimcha 250 million dollar daromad olish imkonini beradi.
Sohada yirik investitsiyalar ham kutilmoqda: 100 million dollarlik 204 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu 14,2 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon yaratadi.
Uyushma bashoratlariga ko‘ra, kelgusi yilda O‘zbekiston qurilish sohasining umumiy daromadi taxminan 2,4 milliard dollarni tashkil etadi.